O‘zbekiston Kosmos to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaga qo‘shildi
O‘zbekiston koinotni, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlar faoliyatining prinsiplari to‘g‘risidagi Shartnomaga qo‘shildi. Bu koinotni o‘rganish va undan foydalanish, shuningdek, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, resurslar va bilimlar almashish imkoniyatlarini ochishi kutilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni «Davlatlarning kosmik fazoni, shu jumladan, Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq etish va ulardan foydalanish faoliyati prinsiplari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni imzoladi.
Hujjat BMT Bosh Assambleyasining 1966-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan va 1967-yil 27-yanvarda London, Moskva va Vashingtonda imzolangan. Bugungi kunga qadar unga 114 ta mamlakat qo‘shildi, O‘zbekiston 115-ishtirokchi bo‘ldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunni 2 iyul kuni qabul qildi, Senat uni 15 avgust kuni ma’qulladi. Parlament quyi palatasida qonun muhokamasi chog‘ida «O‘zbekkosmos» agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov bitimning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning xalqaro kosmik loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etishi, boshqa mamlakatlar bilan resurslar va bilimlar almashishi uchun imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. Ratifikatsiya O‘zbekistonning kosmik huquq tizimini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
«Kosmik faoliyat jahon hamjamiyatining globallashuvi va axborotlashuvi jarayonida muhim o‘rin tutadi. Dunyoning barcha yetakchi va ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlari kosmik fazoni o‘rganish va undan foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda, kosmik salohiyatdan esa iqtisodiy, mudofaa, texnik, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro manfaatlarni ro‘yobga chiqarish uchun foydalanilmoqda,» – deyiladi Senatdagi muhokamalarda.
Kosmos to‘g‘risidagi shartnoma
Kosmos to‘g‘risidagi shartnomada ta’kidlanishicha, kosmik fazoni tadqiq etish va undan foydalanish barcha mamlakatlarning iqtisodiy va ilmiy rivojlanish darajasidan qat’i nazar, ularning farovonligi va manfaatlari yo‘lida amalga oshiriladi hamda butun insoniyatning boyligi hisoblanadi. Kosmos va samoviy jismlar suverenitetni e’lon qilish, foydalanish yoki bosib olish yoki boshqa yo‘llar bilan milliy o‘zlashtirilishi mumkin emas.
Shartnoma ishtirokchi-davlatlari xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqaro hamkorlik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirish manfaatlarini ko‘zlab, xalqaro huquqqa, shu jumladan BMT Ustaviga muvofiq kosmik fazoni tadqiq etish va undan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oladilar.
Ishtirokchi mamlakatlar Yer atrofidagi orbitaga yadro quroli yoki ommaviy qirg‘in qurollarining har qanday boshqa turlari bo‘lgan har qanday obyektlarni olib chiqmaslik, bunday qurollarni samoviy jismlarga o‘rnatmaslik va bunday qurollarni kosmik fazoda boshqacha tarzda joylashtirmaslik majburiyatini oladilar.
Shartnoma ishtirokchi-davlatlari kosmonavtlarga insoniyatning kosmosga elchilari sifatida qaraydilar va ularga shartnoma ishtirokchi-davlatlaridan birining hududida yoki ochiq dengizda avariya, halokat yoki majburiy qo‘nish sodir bo‘lganda har tomonlama yordam ko‘rsatadilar. Shartnoma ishtirokchisi bo‘lgan bir davlatning kosmonavtlari kosmosda faoliyatni amalga oshirishda boshqa ishtirokchi davlatlarning kosmonavtlariga mumkin bo‘lgan yordamni ko‘rsatadi.