Bolalar va yoshlar iqlim o’zgarishining halokatli oqibatlariga qarshi kurashda faol ishtiroklari bilan muhim rol o’ynashlari mumkin
BO’STONLIQ, TOSHKENT VILOYATI, 2024 yil 21-avgust – Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda UNICEF, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi va Yoshlar ishlari ishlash agentligi ko’magida, iqlim oʼzgarishi bo’yicha yosh chempionlar tarmog’ini ishga tushirmoqda.
O’zbekiston va Markaziy Osiyoning yana to’rtta davlati bolalari va yoshlari Barqaror rivojlanish madaniyatini targ’ib qilish hamda iqlim bo’yicha masalalarni hal qilishga bolalar va yoshlarni jalb qilish bo’yicha milliy va mintaqaviy strategiyalarni ishlab chiqishda ushbu tarmoqni tashkil qilishni tavsiya qilgan edilar.
O’zbekistonning barcha viloyatlaridagi 20 ta maktabdandan tashrif buyurgan 50 nafar 15-18 yoshli iqlim o’zgarishi bo’yicha yosh chempionlar keyingi besh yil ichida iqlim o’zgarishiga qarshi faoliyatda zarur boʼlgan advokatsiya hamda hamjamiyatlarni jalb qilish bo’yicha ko’nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan mashg’ulotlarda ishtirok etadilar. Treningning asosiy natijasi sifatida yoshlar advokatsiya bo’yicha ish rejasini ishlab chiqadilar. Ular ushbu reja asosida kelgusi o’quv yilida o’z hamjamiyatlarida iqlim o’zgarishi masalalari bo’yicha axborot kampaniyalarini va boshqa tadbirlarni o’tkazadilar. Ular iqlim o’zgarishi bo’yicha yoshlar uchun foydali ma’lumotlar va materiallarni ishlab chiqish va tarqatishga hissa qo’shadilar, o’z jamoalarida yoshlarning ekologik tadbirlarini o’tkazadilar, milliy va xalqaro darajadagi targ’ibot ishlarida qatnashadilar.
“UNICEFda biz bolalar va yoshlar iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda katta kuch ekanligiga ishonamiz. Yoshlar o’z huquqlarini himoya qilish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va oqibatlarini yumshatish bo’yicha chora-tadbirlardagi ishtiroklarini kuchaytirish orqali iqlim o’zgarishi bilan bog’liq muammolarni hal etishda muhim rol o’ynaydi deb hisoblaymiz,”- dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. “Bolalar va yoshlar mintaqada yetakchi bo’lishlari uchun ularning “yashil” ko’nikmalarni rivojlantirish va iqlim o’zgarishi bo’yicha harakatlarga jalb etishga sodiq qoladi,”- deya ta’kidladi u.
«Zamin» XJF Vasiylik kengashi raisi o’rinbosari Saidova Lola Аbduvaxidovna bolalarni qutlar ekan, shunday dedi: “Bugun butun mamlakat bo’ylab siz – yosh ekovolontyorlar uchun kelgusi o’quv yili davomida volontyorlik faoliyati uchun zarur bo’lgan eng muhim mavzular – muloqot va ommaviy chiqishlar, nizolarni hal qilish va tinglash ko’nikmalari, shuningdek, iqlim o’zgarishi, moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga oid bilim va ko’nikmalar bo’yicha mazmunli treninglar boshlanadi. Biz sizga, sizning qobiliyatingizga ishonamiz!”
Tarmoq O’zbekistonning barcha hududlaridan maktab o’quvchilari – ekologiya faollaridan tashkil topib, uning asosiy maqsadi barqaror rivojlanish madaniyatini targ’ib qilish va maktab va jamiyat darajasida iqlimga chidamlilik va ta’sirlarni yumshatish bo’yicha choralar ko’rishdan iborat bo’ladi.