28 Noyabr 2022

UniSat 2.0 STEM-dasturi doirasida O‘zbekiston qizlari nanosun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqadi va uchiradi hamda iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi

UniSat 2.0 STEM-dasturi doirasida O‘zbekiston qizlari nanosun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqadi va uchiradi hamda iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi

 

TOSHKENT, 2022-yil 28-noyabr – UNICEF, Tech4Impact NNT va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik ishi va matematikaga (STEM – Science, Technology, Engineering and Mathematics) qiziqadigan qizlar uchun UniSat xalqaro dasturiga ikkinchi rasmiy qabulni ishga tushirdi.

O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan tanlovga ariza bergan  15-24 yoshli qizlar o‘zlarining dasturlash, radioelektronika, ma’lumotlar tahlili, astronomiya, iqlim o‘zgarishi, 3D-modellashtirish va muhandislik ishi bo‘yicha bilimlarini yaxshilashlari hamda jamoada ishlash va loyihani boshqarish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin. Ishtirokchi qizlar dastur davomida nanosun’iy yo‘ldoshni loyihalashtiradi, yig‘adi va stratosferaga uchiradi. Bunda qizlarni professional muhandislar va dasturchilar jamoasi qo‘llab-quvvatlab turadi.

UniSat missiyasi —qizlarda dasturning predmetli sohalardagi bilimlarini, loyihada va jamoada ishlash ko‘nikmalarini, omma oldida chiqish va vaqtni samarali boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat. Shuningdek tashkilotchilar uchun texnologik sohalarda gender masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish ham muhim.

Qayd etib o‘tamiz, UniSat dasturining birinchi qabulida qatnashgan 20 nafar finalchi qiz tomonidan birinchi nanosun’iy yo‘ldosh 2022-yil may oyida O‘zbekistonning Navoiy viloyatida uchirilgan edi. SomSat deb nomlanuvchi nanosun’iy yo‘ldosh stratosferada 2 soatga yaqin bo‘ldi va 11,6 km balandlikka ko‘tarildi. Bunda u uchirilish hududidagi havo bosimi, ifloslanish darajasi va namligi haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi. Parvoz va ma’lumotlar tahlili  yakunlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotchilik ishi yozildi, unda tizimning butun konstruksiyasi va missiya jarayoni tavsiflangan bo‘lib, olingan ma’lumotlar muhokama qilingan hamda parvozning asosiy natijalari taqdim etilgan.

UniSat 2.0 dasturining ishtirokchilari  dasturlash, astronomiya, injeneriya va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha 3 oylik onlayn-kursdan o‘tadilar. Dasturning yakuniy bosqichida eng katta reyting bilan finalga chiqqan 20 nafar qiz Toshkentdagi InnoLab laboratoriyasida CubeSat’ni yig‘ish bo‘yicha stajirovkadan o‘tishadi.

O‘zbekistonda nanosun’iy yo‘ldoshni stratosferaga uchirish ishlari 2023-yil 12-aprelga rejalashtirilgan. TOP-20 jamoasining qizlari parvoz rejasini tuzadi va aeronavigatsiya xizmatlarining mutaxassislari nazorati ostida O‘zbekistonda ishlab turgan maydondan nanosun’iy yo‘ldoshni uchiradi.

Ishlab chiqilgan va stratosferaga uchirilgan nanosun’iy yo‘ldosh qizlarga Yer sayyorasining yuqori yechimdagi suratlarini olish imkonini beradi. Unga o‘rnatilgan datchiklar ilmiy tadqiqotlar uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘playdi. Shuningdek, ishtirokchilar qiziqarli ilmiy eksperimentlarni ham rejalashtirgan.

O‘zbekistonning barcha hududlaridan 15-24 yoshli qizlar UniSat 2.0 dasturining ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Dasturga ro‘yxatdan o‘tish 2022-yil 29-noyabrda yopiladi. 

UNICEF, Tech4Impact NNT va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi kelajak orzularga erishish uchun qizlarning raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyati taqdim etish maqsadida barcha qizlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ro‘yxatdan o‘tish,  tanlov haqidagi batafsil ma’lumot va OAV uchun aloqa ma’lumotlari – dasturning rasmiy saytida: www.unisat.uz